Prezident yer maydonlarini auksionga qo‘yishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga oxirgi marta “hayfsan” berdi. Ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi.
Shavkat Mirziyoyev Braziliyaning shimoli-sharqiy hududlarida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan ushbu mamlakat prezidentiga hamdardlik yo‘lladi. Ofat natijasida halok bo‘lganlar soni 128 kishiga yetgan.
Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga tashrifining ikkinchi kunida Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatlar yetakchilari Urganchdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona faoliyati bilan tanishdi (foto).
Juma kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Shavkat Mirziyoyev YeOII davlatlarini bozorga chiqishdagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, mehnat migratsiyasi tartib-tamoyillarini soddalashtirish, transafg‘on temir yo‘li doirasida hamkorlik qilish, agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqishni taklif qildi. Qolaversa, prezident ittifoq mamlakatlarini yo‘lovchi tashish aloqalarini to‘liq qayta tiklashga chaqirdi.
Prezident hokimlarning ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz ekanligini tanqid qildi. Viloyat hokimlariga qo‘shimcha 110 ming ish o‘rni tashkil etish, kamida 1 mlrd dollarlik eksport uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, EIZlardagi loyihalarni ekspertiza qilish vakolati hamda sanoat zonalarning ma’muriy kengashlari vakolati Investitsiyalar vazirligiga o‘tkazildi. Zonalardagi yerlar endi hokimliklar tomonidan emas, balki direksiyalar tomonidan auksionga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini mustaqil hayotga qadam tashlayotganlari bilan tabrikladi. Prezident O‘zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib borayotganini ta’kidlab, oldiga aniq maqsad qo‘ygan yoshlarning ko‘zlagan cho‘qqilarga erishishlariga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosat masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekistonda biror sport turi bo‘yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, kardiomashg‘ulotlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmaydi, deya tanqid qildi Shavkat Mirziyoyev sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda. «Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda», — dedi u.
O‘zbekistonda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Shavkat Mirziyoyev yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish borasidagi yondashuvlar o‘zgartirilishini ma’lum qildi. Buxoro tajribasi asosida — yaxshi natijaga erishgan yosh sportchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi va ular maxsus guruhlarda bepul o‘qitiladi, sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi.
Birja savdolarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari Jomboy va Uychi tumanlarida birja orqali g‘isht hamda beton qorishmasini sotgan korxonalarni e’tirof etib, hokimlar tomonidan bu tajriba yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. «Ochiq aytish kerak, hali aksariyat hokimlar masalaning ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham bor», — dedi u. Prezident yil oxirigacha o‘z mahsulotlarini birjalarga olib chiqadigan tadbirkorlar sonini 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirishni topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga safari chog‘ida «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishini borib ko‘rdi. Bu yerda qariyb 300 ta ko‘p qavatli (7 dan 25 qavatgacha) uylar, hiyobon va ko‘l, maktab va bolalar bog‘chalari, sanoat zonasi va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov massivni qurilayotganlari orasida «eng yashil va ekologik massiv» deb atadi. Kommunikatsiya esa maxsus tunneldan o‘tkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Tashrif davomida davlat rahbari BAAning yangi saylangan prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashib, unga prezident Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari 13 may kuni vafot etgan BAA prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning ta’ziya marosimida ishtirok etadi. Tashrif davomida mamlakatning yangi prezidenti bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkaziladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni BAA prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.
Prezident ayrim hokimlar yillar davomida yer sotish bilan shug‘ullanib kelganini aytdi. Unga ko‘ra, yer munosabatlarida hokimlarning vakolati tugatilganiga qaramay, yer uchastkalarini noqonuniy sotish holatlari hamon uchrab turibdi. Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyati hokimligi xodimi yer ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish uchun hokim Xayrulla Bozorovning imzosini qalbakilashtirgan.
Prezidentning Farg‘onaga tashrifi arafasida fermer Iqboljon Meliboyev Buvayda tumani hokimi ustidan shikoyat qilib, videomurojaat yo‘lladi. Buni yoritgan farg‘onalik jurnalistga bosim o‘tkazilgani va ishdan bo‘shash haqida ariza so‘ralgani aytildi. Farg‘ona viloyati hokimligi vaziyatni o‘rganishni boshladi. Jamoatchilik faollari esa mazkur holatni keskin qoralab, «fermer va jurnalistdan qo‘llarni tortishni» talab qilmoqda.
O‘zbekistonda bahor oylarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 9 nafar inson va 450 dan ortiq bosh chorva mollari halok bo‘ldi. 245 ta xonadon va 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi. Prezident tunu kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilishni kuchaytirish yuzasidan topshiriq berdi.
Bundan keyin tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Prezident bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari buni shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rishni buyurdi.
1 iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib oladi va sotadi. Shavkat Mirziyoyev eski tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini ta’kidladi. 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida oziq-ovqat narxi kun sayin ortib borayotgani, jumladan, bug‘doy narxi yil boshidan beri 30 foizga qimmatlashganini aytdi. «Narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu — bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi», — dedi u. Qolaversa, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi 43 ta don korxonasi xarajatlari yuqoriligi, biroq rentabelligi 2 baravar pastligi tanqid qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting